Ijtimoiy tarmoqlarda Gurlan tumani hududidan o‘tuvchi D217 (4R160) “Urganch shahri – Gurlan shahri – Mang‘it shahri – Turkmaniston Respublikasi chegarasi (shahobcha)” avtomobil yo‘lining 32–33-kilometr qismi holati yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz. Mazkur avtomobil yo‘lining 30–55-kilometr oralig‘i Gurlan tumani hududidan o‘tadi. Ushbu yo‘lda og‘ir yuk tashuvchi transport vositalarining belgilangan me’yorlardan ortiqcha yuk bilan harakatlanishi natijasida yo‘l qoplamasida turli darajadagi buzilishlar yuzaga kelmoqda. Mavjud nuqsonlarni bartaraf etish hamda yo‘ldan xavfsiz va qulay foydalanishni ta’minlash maqsadida mas’ul korxona tomonidan muntazam ravishda joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan uchastkalarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida zarur yo‘l belgilari, ogohlantiruvchi vositalar va yo‘l to‘siq konuslari o‘rnatilgan. Hurmatli haydovchilar! Ta’mirlash ishlari olib borilayotgan hududlarda harakatlanishda ehtiyotkor bo‘lishingizni, tezlikni belgilangan tartibda cheklashingizni hamda o‘rnatilgan yo‘l belgilari talablariga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz.Xorazm viloyati AYBB Axborot xizmati