

Ehtirom va e’tibor – inson qadri mezoni
Qo‘shko‘pir tumanida uzoq yillar davomida “TYFDM”da bosh muhandis lavozimida fidokorona mehnat qilgan faxriy Bekpo‘lat Xudoyberganov holidan xabar olindi.
Muqaddas Ramazon hayiti – mehr-oqibat, saxovat va insoniylik qadriyatlari yanada yuksaladigan ulug‘ ayyomdir. Ana shunday muborak kunlar arafasida keksalarni yo‘qlash, ularning duosini olish xalqimizga xos ezgu an’analardan biridir.
Xorazm viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi hamda kasaba uyushmasi vakillari tomonidan faxriy Bekpo‘lat Xudoyberganov xonadoniga borilib, u bilan samimiy suhbat qurildi. Uning ko‘p yillik mehnat faoliyati, soha rivojiga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi.
Suhbat davomida faxriy Ramazon hayiti bilan muborakbod etilib, unga mustahkam sog‘liq, uzoq umr hamda xonadoniga fayzu baraka tilandi. Shuningdek, faxriyga bayram munosabati bilan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Faxriy esa ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanini bildirib, samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Xorazm viloyati AYBB matbuot xizmati
